
Andijon davlat chet tillari institutida yuzlab talabalar nafaqat Andijon viloyatidan, balki yurtimizning eng olis hududlaridan kelib, tahsil olib kelmoqda. Ularning aksariyati uzoq masofalardan kelganligi sababli bayram kunlarida oila bag‘ridan uzoqda qolishadi. Shu bois institut rahbariyati tomonidan har doim ularning kayfiyatini ko‘tarish, mehr va e’tibor ulashish borasida qator tashabbuslar amalga oshiriladi.
Kuni kecha bayram arafasida ham institut rahbariyati tomonidan talabalar uchun o‘ziga xos bayramona dastur tayyorlandi. Jumladan, institut hovlisida barcha talabalar uchun o‘zbek milliy taomi — palov tayyorlanib, bepul tarqatildi. Bu nafaqat milliy an’analarimizni targ‘ib qilish, balki talabalar qalbida mehr-oqibat va bir oiladek samimiylik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.
Shuningdek, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va ular bilan birgalikda unutilmas lahzalarni boshdan kechirish maqsadida O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga yo‘llanma olgan o‘yini birgalikda tomosha qilindi. Yurtimiz futbol tarixidagi ushbu yorqin g‘alaba institutda chinakam bayramona kayfiyat bag‘ishladi va talabalar uni birgalikda katta quvonch bilan nishonlashdi.
Bayram shukuhi bilan yo‘g‘rilgan tashabbuslar buning bilan kifoyalanib qolmadi. Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor J.Siddikov boshchiligida dekan o‘rinbosarlari va tyutorlar ishtirokida talabalarning dam olishini yanada maroqli tashkil etish maqsadida navbatdagi sayohat rejalashtirildi. Maxsus avtobuslar orqali talabalar «Navruza Mall» savdo-ko‘ngilochar markaziga olib borildi. U yerda talabalar uchun salqin ichimliklar va muzqaymoqlar tarqatildi, ular erkin sayr qilib, bir-birlari bilan ko‘tarinki kayfiyatda muloqotda bo‘lishdi.
Bu kabi tashabbuslar institutda talabalar bilan olib borilayotgan g‘amxo‘rlik siyosatining yaqqol dalilidir. Andijon davlat chet tillari instituti nafaqat ta’lim beruvchi muassasa, balki har bir talaba o‘zini qadrli a’zo sifatida his qiladigan katta va mehrli oila ekanligini yana bir bor namoyon etdi.