
Joriy hafta davomida Andijon davlat chet tillari institutida ayollar va talaba-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish, ularning huquqiy ongi va ijtimoiy faolligini oshirish, shuningdek, institutda ijtimoiy-ma’naviy sog‘lom muhitni barqarorlashtirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirni institut Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi uslubchisi M.Saliyeva olib bordi. Suhbat davomida dolzarb ijtimoiy muammolar, ayniqsa yoshlar va ayollar o‘rtasida huquqbuzarlikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Tadbirda mehmon sifatida Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor I.Nasriddinov, Andijon shahar IIOFMB Tergov-qidiruv xizmati jinoyat-qidiruv bo‘limi boshlig‘i, mayor X.Mamajonov, institut profilaktika katta inspektori B.Xodjayev, institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Z.Kobilova, institutning ayol professor-o‘qituvchilari hamda talaba-qizlar ishtirok etdilar.
Davra suhbati davomida ishtirokchilarga jinoyatchilik va huquqbuzarlikdan ogoh bo‘lish, o‘z huquq va burchlarini chuqur anglash, salbiy illatlardan yiroq yurish, ijtimoiy tarmoqlardagi tahdidlar, yoshlar orasida tarbiyaviy muammolar va ularning yechimlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ayollar huquqlarini himoya qilish, oilaviy muammolarni hal etish, zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar ham ilgari surildi.
Tadbir ochiq muloqot va savol-javoblar ruhida o‘tkazilib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob olishdi.
Mazkur davra suhbati institutda sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, huquqiy madaniyatni oshirish va jinoyatchilikning oldini olish borasidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.