

Andijon davlat chet tillari instituti 60 yillik yubiley tadbirlari doirasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning mashhur “Ulug‘bek xazinasi” romanining ingliz tiliga tarjima qilingan — “The Treasure of Ulugbek” asari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur asar institut olimlari Dilshodbek Rustamov hamda Abdullo Ro‘ziyev tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan bo‘lib, ushbu loyiha milliy adabiyotimizni xalqaro miqyosda targ‘ib etish, o‘zbek adabiy merosini jahon kitobxonlariga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etildi.
Taqdimot marosimida adib Odil Yoqubovning oila a’zolari, ilmiy jamoatchilik vakillari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda faxriy mehmonlar ishtirok etdilar. Tadbir davomida asarning badiiy va tarixiy ahamiyati, tarjima jarayonining o‘ziga xos jihatlari hamda mazkur nashrning milliy adabiyotimizni xalqaro maydonda tanitishdagi o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, yozuvchi oila a’zolarining ishtiroki tadbirga alohida mazmun va samimiyat bag‘ishlab, buyuk adib xotirasiga bo‘lgan hurmat va ehtiromning yorqin ifodasiga aylandi.
Tadbir yakunida mehmonlarga Andijon davlat chet tillari instituti tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi hamda ushbu tarixiy va madaniy voqea yuzasidan samimiy muloqotlar tashkil etildi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati