ADCHTI BITIRUVCHILARI TALABAEXPO–2026 ORQALI ISH VA TADBIRKORLIK IMKONIYATLARIGA EGA BO‘LISHDI

Andijon viloyatida o‘tkazilgan “TalabaExpo–2026” kasb ko‘rgazmasida Andijon davlat chet tillari institutining bitiruvchi talabalari faol ishtirok etdilar.

Mazkur tadbir yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozoridagi mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirish hamda kasbiy faoliyatga samarali yo‘naltirishga xizmat qildi. Ko‘rgazma davomida bitiruvchilar davlat va nodavlat tashkilotlari, yirik korxona va muassasalar, shuningdek, bank-moliya tizimi vakillari bilan bevosita muloqotlar olib bordilar.

Institut rektori D.Rustamov boshchiligida bitiruvchi talabalar ko‘rgazma maydonlarida yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishib, ish beruvchilar va banklar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar. Muloqotlar jarayonida talabalar o‘z mutaxassisliklari va qiziqishlariga mos bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot olib, bir qator bitiruvchilar doimiy ish bilan ta’minlanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, tadbir doirasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan moliyaviy dasturlar yuzasidan maslahatlar berildi. Natijada ayrim talabalar o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun imtiyozli kreditlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

“TalabaExpo–2026” nafaqat ish beruvchilar va yoshlar o‘rtasidagi samarali hamkorlikni mustahkamlash, balki bitiruvchilarning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirib borishi, o‘z kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi hamda kelajakdagi faoliyatini aniq maqsadlar asosida rejalashtirishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content