ADCHTI OROMGOH–2026 NING RASMIY OCHILISH MAROSIMI BO‘LIB O‘TDI

“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida tashkil etilgan ADCHTI Oromgoh–2026 ning rasmiy ochilish marosimi ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Andijon davlat chet tillari instituti Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi boshlig‘i A.Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida oromgohning asosiy maqsadi talaba-yoshlarning yozgi ta’tilini mazmunli tashkil etish, ularning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazish, intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishdan iborat ekanini ta’kidladi.

Marosim davomida ishtirokchilarga oromgoh dasturi, kunlik mashg‘ulotlar va rejalashtirilgan ma’naviy-ma’rifiy, sport, madaniy hamda motivatsion tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, oromgoh davomida faol ishtirok etish, jamoaviylik, intizom va o‘zaro hurmat tamoyillariga amal qilish muhimligi qayd etildi.

Tadbir davomida talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, kuy-qo‘shiqlar va qiziqarli dasturlar namoyish etilib, oromgohning ilk kuniga bayramona kayfiyat bag‘ishlandi.

ADCHTI Oromgoh–2026 yozgi ta’tilni nafaqat maroqli, balki bilim, tajriba va unutilmas taassurotlarga boy tarzda o‘tkazish uchun talaba-yoshlarga keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Skip to content