XUSHXABAR! VODIYDA BIRINCHI BO‘LIB HSK TESTI ANDIJON DAVLAT CHET TILLARI INSTITUTIDA O‘TKAZILADI

Andijon davlat chet tillari instituti xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish hamda talabalarning xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatlarini yanada rivojlantirish yo‘lida navbatdagi muhim qadamni tashlamoqda.

Endilikda institutda xitoy tilini bilish darajasini xalqaro standartlar asosida baholovchi HSK (Hanyu Shuiping Kaoshi) testini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Quvonarlisi, ushbu xalqaro imtihon Farg‘ona vodiysida ilk bor Andijon davlat chet tillari institutida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur jarayonlarni samarali tashkil etish, test markazini yo‘lga qo‘yish hamda imtihondan oldingi tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida institutga maxsus ishchi guruh tashrif buyurdi. Tashrif davomida mutaxassislar tomonidan test sinovlarini o‘tkazish uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganilib, texnik va tashkiliy masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

HSK testining institutda tashkil etilishi xitoy tilini o‘rganayotgan talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda hududdagi barcha til o‘rganuvchilar uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Endilikda xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritish uchun uzoq hududlarga borishga ehtiyoj kamayadi hamda test sinovlarini o‘z hududida topshirish imkoniyati yaratiladi.

Ushbu yangilik Andijon davlat chet tillari institutining xalqaro ta’lim maydonidagi nufuzi va salohiyati tobora ortib borayotganining yana bir yorqin ifodasidir.

Andijon davlat chet tillari instituti — xalqaro imkoniyatlar sari ishonchli qadam!

Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content