

“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida 👍Andijon davlat chet tillari institutida qo‘shimcha til o‘rganishga qiziqqan talaba-yoshlar, uyushmagan yoshlar hamda maktab o‘quvchilarining yozgi ta’til davridagi bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida bepul til o‘rganish to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Navbatdagi uchrashuvda institutga tashrif buyurgan o‘quvchilar va ularning ota-onalariga tashkil etilgan til kurslari, o‘quv jarayoni, yaratilgan shart-sharoitlar hamda mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, mehmonlar institutning zamonaviy infratuzilmasi bilan yaqindan tanishtirildi.
Suhbat davomida barcha til to‘garaklari faoliyati yuzasidan tushuntirishlar berilib, ishtirokchilarning til bilish darajalari aniqlanib, ular mos guruhlarga taqsimlandi.
Mazkur to‘garaklar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, xorijiy tillarni puxta o‘rganish, bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda kelajakdagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qilmoqda.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati