ANDIJON DAVLAT CHET TILLARI INSTITUTINING 60 YILLIK YUBILEY TANTANASI BO‘LIB O‘TDI

Andijon davlat chet tillari institutining 60 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining yangrashi bilan tantanavor ruhda ochib berildi.

Tadbir avvalida Andijon viloyati hokimi Abdurahmonov Shuhratbek Qo‘shaqboyevichning institut jamoasiga yo‘llagan samimiy tabrigi Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Komilov Komiljon Sobirovich tomonidan o‘qib eshittirildi.

Tabrik nutqida Andijon davlat chet tillari institutining mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida tutgan munosib o‘rni, xorijiy tillarni o‘qitish va malakali kadrlar tayyorlash borasidagi salmoqli hissasi alohida e’tirof etildi. Shuningdek, institut jamoasining ilmiy-tadqiqot faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari hamda ta’lim sifatini yuksaltirish borasida erishilgan yutuqlari yuksak baholandi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan faxriy mehmonlar, soha mutaxassislari va hamkor tashkilotlar vakillari ham institut jamoasini ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy muborakbod etib, ta’lim maskanining mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi nufuzi, ilm-fan hamda ta’lim rivojiga qo‘shayotgan hissasini alohida ta’kidladilar. Ular institutning kelgusi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar, professor-o‘qituvchilar va talabalarga esa yangi yutuqlar tiladilar.

Ta’kidlanganidek, 60 yillik faoliyati davomida institut minglab yetuk mutaxassislarni tarbiyalab, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Bugungi kunda esa mazkur ta’lim maskani zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash hamda xalqaro ta’lim makoniga integratsiyalashuv yo‘lida izchil faoliyat olib bormoqda.

Yubiley tadbiri institutning boy tarixi, bugungi salohiyati va kelajakdagi ulkan maqsadlarini o‘zida mujassam etgan holda yuqori saviyada davom etdi.

Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content