

Andijon — chinakam sport va intellektual salohiyat markaziga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish borasidagi topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida bugun — 10-aprel kuni — Andijon davlat chet tillari institutida tarixiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyatidagi barcha davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari, «Sport» klublari rais oʻrinbosarlari hamda boshqa mas’ullar ishtirokida o‘tgan ushbu muloqotda hududiy talabalar sportini tizimli rivojlantirishga qaratilgan — OTM Sport klublari oʻrtasida tashkil qilingan “Andijon talabalari ligasi” loyihasiga start berildi.
Uchrashuv avvalida ushbu musobaqa qanday tashkil etilishiga bagʻishlangan taqdimot namoyish etildi. Shundan soʻng OTM rektorlari so‘zga chiqib, talabalar o‘rtasida sport musobaqalarini shunchaki tadbir sifatida emas, balki yoshlarning irodasini chiniqtiruvchi, jamoaviy birdamlikni mustahkamlovchi va zararli odatlardan yiroq qiluvchi kuchli ijtimoiy vosita ekanligini ta’kidladilar.
Muhokamalardan so‘ng, oliygohlar o‘rtasida sport infratuzilmasidan unumli foydalanish, tajriba almashish va liga musobaqalarini nizom talablari asosida shaffof o‘tkazishni kafolatlovchi ko‘p tomonlama hamkorlik memorandumi tantanali ravishda imzolandi.
Ushbu hujjat viloyatdagi barcha oliygoh talabalarini yagona sport maydonida birlashtirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish va «Andijon tajribasi»ni respublika miqyosida ommalashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur hamkorlik natijasida yaqin kunlarda sportning koʻplab turlari bo‘yicha viloyat miqyosidagi murosasiz bahslarga start beriladi. Bu esa talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bilan bir qatorda, ularning professional sportga bo‘lgan qiziqishlarini ham yangi bosqichga olib chiqadi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati