

Andijon davlat chet tillari institutida “1-kurs maktabi” loyihasi doirasida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. Ingliz filologiyasi, oʻqitish metodikasi va tarjimashunoslik fakultetida tashkil etilgan tadbirda institutning Axborot siyosati masalalari boʻyicha rektor maslahatchisi, Matbuot xizmati rahbari A.Yunusov hamda “Besh muhim tashabbus markazi” rahbari S.Noʼmonjonovlar ishtirok etdilar.
Tadbirni ochib bergan A. Yunusov talabalarni ijtimoiy faollikka chorlab, o‘z iqtidorlarini namoyon etish va institut hayotida faol qatnashish zarurligini ta’kidladi. U, shuningdek, yoshlarni ota-ona va jamiyat oldidagi mas’uliyatga chaqirdi hamda axborot siyosati, kommunikatsiya va ommaviy chiqishlar sohasida o‘zlarini rivojlantirish uchun imkoniyatlardan foydalanishga undadi.
Shundan soʻng soʻz olgan “Besh muhim tashabbus markazi» rahbari S.Noʼmonjonov markazning asosiy yo‘nalishlari, talabalar hayotidagi roli hamda markaz orqali taqdim etiladigan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi. Xususan, grantlar taqsimoti, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va amaliy loyihalarni moliyalashtirish tartiblari yuzasidan ma’lumot berildi. Ishtirokchilar markazning dasturlariga qanday murojaat qilish mumkinligi haqida aniq yo‘riqnomalar oldilar.
Uchrashuv yakunida A.Yunusov institutning faol va koʻngilli talaba-yoshlaridan iborat “Anis Team” jamoasining faoliyati, jamoaviy tashabbuslar va talabalarni qo‘llab-quvvatlashdagi roli haqida ham so‘zlab o‘tdi. Uchrashuv davomida yoshlarni hamkorlikka, yangi tashabbuslarni ilgari surishga va institut hayotida faol ishtirok etishga chaqirish asosiy g‘oya bo‘ldi.
Tadbir doirasida talabalarni qiziqtirgan savollar muhokama qilindi va amaliy tavsiyalar berildi. “1-kurs maktabi” loyihasi doirasidagi bunday uchrashuvlar yana davom ettiriladi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati