
Andijon davlat chet tillari institutida «Dolzarb 90 kunlik» loyihasi doirasida talabalar ishtirokida “Yoshlar – milliy qadriyatlar va zamonaviy dunyo o‘rtasida” mavzusida vebinar tashkil etildi.
Tadbirda jamiyatdagi dolzarb muammolarni yoshlar nigohidan tahlil qilish, ularning fuqarolik jamiyatidagi o‘rni, tashabbuskorlik va ma’naviy yetuklik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Institutning Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish boʻlimi tomonidan tashkil qilingan ushbu vebinar davomida Roman-german va slavyan tillari fakulteti Ijtimoiy gumanitar fanlar, pedagogika va psixologiya kafedrasi oʻqituvchisi, tarix fanlari nomzodi, dotsent Q.Nasritdinov so‘z olib, yoshlarni ilm olishga, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga undadi. Shuningdek, u yoshlar tadbirkorligi, tashabbuskorlik va milliy qadriyatlarga sodiqlik borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbirda zamonaviy dunyo oqimlari bilan yuzlashayotgan yoshlarning o‘z milliy qadriyatlarini saqlab qolishi, bu qadriyatlarning xalq ruhining ajralmas bo‘lagi ekani ta’kidlandi.
Bunday vebinarlar yoshlarni global dunyoda milliy o‘zligini anglagan holda yetuk shaxs sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda.