
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-fevraldagi majlisi 4-sonli bayoni 4.2-bandiga asosan Andijon davlat chet tillari instituti tomonidan “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzusida ko‘rik-tanlov e’lon qilingan edi.
Tanlovda 40 yoshgacha bo‘lgan olima ayollar va ilmiy izlanishlarni olib borayotgan tadqiqotchi xotin-qizlar, talaba-qizlar ishtirok etdilar.
Tanlov quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkazildi:
innovatsion ilmiy tadqiqotlar;
fundamental fanlarga qo‘shilgan hissa;
ijtimoiy-gumanitar fanlar va gender tadqiqotlar.
Ishtirokchilar tanlovda ilmiy-tadqiqot faoliyati, innovatsion g‘oyalar, ixtirolar, ta’lim va fan sohasidagi loyihalar, ishlanmalar va ilmiy maqolalari bilan qatnashdilar.
Maxsus komissiya ularning hujjatlarini ko’rib chiqdi va yakuniy qarorga keldi. Bugun – 06.03.2025-yil kuni ushbu tanlovning g’olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi.
Marosimni institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori M.A.Kurbanov ochib berdi va bugungi kunda ayol-qizlarning ilm olishi, jamiyatda o’z o’rniga ega bo’lishi yuzasidan hukumat darajasida olib borilayotgan ishlar mazmun-mohiyatini sharhlab berdi.
Shundan so’ng mas’ullar tomonidan saralab olingan g’olib hamda sovrindorlarga maxsus diplomlar va esdalik sovg’alari topshirildi.