
Andijon viloyatining turizm salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha bir qator takliflar va loyihalar ishlab chiqilgan. 2024-yil 23-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-335-son qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, viloyatda zamonaviy talablar asosida sanatoriy-kurort zonalarini tashkil qilish rejalashtirilgan.
Bugun – 18.02.2025-yil sanasida Andijon davlat chet tillari institutida Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sattarov Davronbek Xasanboyevich tashrif buyurdi. Ushbu tashrifni Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo’limi boshlig’i O’.Rahmonov hamda Ingliz filologiyasi, o’qitish metodikasi va tarjimashunoslik fakulteti dekani A.Atabayevlar boshchiligida kutib olindi.
Uchrashuv davomida Andijonning tarixiy va madaniy meros obyektlarini yanada keng targ‘ib qilish, ekoturizm va ziyorat turizmini rivojlantirish, mehmonxona va infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. Shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb qilish maqsadida turli xalqaro festivallar va madaniy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.
Mutaxassislar takliflarini inobatga olgan holda, Andijon viloyatini mamlakatning yetakchi turistik hududlaridan biriga aylantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilishi ta’kidlandi.