Rivojlangan mamlakatlarning oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash Andijon davlat chet tillari instituti faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, rivojlangan mamlakatlar, xususan, Angliyaning nufuzli universitetlari bilan aloqalar juda tez rivojlanmoqda. Xususan, Nayl til institute va Riding universitetlari bilan hamkorlikda bir qator loyihalar amalga oshirilib, o’quv dasturlarini yaratishda ushbu universitetlarning tajribasidan foydalanilmoqda. Hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda tajriba o’rganish maqsadida institut rektori Dilshodbek Rustamov Angliya universitetlarida bo’ldi.
Aytish joiz, Angliya ta’limda o‘z an’analariga va juda katta bazisga ega, bir qancha universitetlari ko‘p asrlik tarixga ega mamlakatdir. Safar davomida institut rektori Lids universiteti (University of Leeds, TOP-150), Reading universiteti (University of Reading, TOP-250), Sharqiy Anglia universiteti (University ofEast Anglia, TOP-250), London biznes oliy maktabi (London business school, TOP-3 by Subject), Nayl (NILE) til institutlarida bo’lib, bugungi kunda institutning yanada rivojlanishiga xizmat qiladigan shartnomalar tuzildi hamda kelishuvlarga erishildi.
Dunyo universitetlari reytingida TOP-150 talik ro‘yxatda bo‘lgan nufuzli Lids universiteti vakillari bilan hamkorlik aloqalarini o’rnatish va rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv juda samarali o’tdi. Muloqot davomida ikki hamkor OTM professor-o’qituvchilari va tadqiqotchilarning ilmiy stajirovkasi va malaka oshirishi, qo’shma ta’lim va akademik almashinuvini yo’lga qo’yish, qo’shma doktorantura tashkil etish bo’yicha muzokaralar olib borish hamda sohadagi ilg’or tajribasini o’rganish kabi masalalar muhokama qilindi.
Eng ahamiyatli jihati, ingliz tili bo‘yicha mutaxassis bo‘lmagan, biroq, ushbu til bo‘yicha maxsus malakaga ega bo‘lish ustunlik beradigan kasblar, xususan, muhandislar, quruvchilar va boshqalarga kasbga moslashtirilgan ingliz tilini o‘rgatish modulini O’zbekistonda tatbiq etish bo‘yicha fikr almashdik. Muhandislarga maxsus ingliz tili o’qitish modullarini ishlab chiqishda Lids universiteti olimlari yordam berishiga kelishildi.
Muhtaram Prezidentimizning muhandis kadrlarni tayyorlash masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida «Joriy yilda 122 ta yangi yirik loyihalar boshlanadi. Bu – yaqin yillarda murakkab texnologiyada ishlay oladigan 10 ming muhandis va texnologlar kerak,» – deya fikr bildirgan edilar. Muhandis va texnologlarni tayyorlashda esa, ingliz tilining ahamiyati juda yuqori. Shu sohada katta tajribaga ega Lids universiteti bilan bunday modullarni institutimizda ham joriy etishga kelishib olingani juda katta yutuq bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, o‘zaro aloqalarni nafaqat administrativ, balki, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida ham kengaytirish maqsadida onlayn forum tashkil etish belgilandi. Shuningdek, ADCHTIdagi ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv dasturlarini hamkorlikda ishlab chiqish, TOP-300 talik universitetlar o‘quv dasturlariga yaqinlashtirish masalasi bo‘yicha muhokamalar ham ijobiy yakunlandi.
Riding universiteti Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i janob Devid Karter, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Klar Furno va kafedra mudiri Silviya Yarovska xonimlar bilan uchrashuvda ham qator masalalar muhokama qilindi va yakunda hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumga ko‘ra, ikki oliygoh tadqiqotchilari qo‘shma ilmiy loyihalar olib borib, hamkorlikda ilmiy maqola va monografiyalar tayyorlash, qo’shma doktorantura tashkil etish bo’yicha kelishuvga erishildi. Yana bir muhim jihati, muhandislik yo‘nalishlari uchun maxsus dasturlar asosida ingliz tilini o‘qitishning muammo va yechimlariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bundan tashqari, Riding universitetining 20 nafar talabasi Andijonda yozgi lagerda bo‘lishi ham belgilandi.
Bundan tashqari Dilshodbek Rustamov Norvichdagi Nayl (NILE) til institutida bo‘ldi. Bu institut tillarni o’qitish sohasida yetakchi ilmiy tadqiqot va o‘qitish markazi bo‘lib, institut direktori Tom Kiddle bilan uchrashuvda hamkorlikning turli masalalari muhokama qilindi va qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, professor-o‘qituvchilarni malaka oshirishga yuborish va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hal etilib, Nayl til instituti ADCHTI professor-o’qituvchilari uchun 20%li chegirma taqdim etishi ma’lum qilindi.
Sharqiy Anglia universiteti vakillari bilan muzokaralar ham juda foydali bo’ldi. Ushbu muassasa universitetlarning xalqaro reytingida TOP-250 talik ro‘yxatda bo‘lib, katta akadamik va ilmiy salohiyatga ega oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Ushbu universitetning xalqaro aloqalar departamenti direktori janob Syed Nuh o’zaro uchrashuvda Sharqiy Anglia universiteti ADCHTiga ko‘plab masalalarda yordam bera olishini bildirdi. Uchrashuv natijasiga ko‘ra, institut tadqiqotchilari uchun Sharqiy Anglia universitetidan ilmiy rahbarlar tayinlash, qo’shma tadqiqot loyihalari va qo’shma akademik nashrlar bo’yicha hamkorlik bo‘yicha kelishib olindi. Bundan tashqari, hamkorlikda tilshunoslik va tillarni o’rganish bo’yicha xalqaro konferensiyalar tashkil etish rejasi ham qabul qilindi. Til oʻrgatish va oʻqitish boʻyicha qoʻshma xalqaro daraja dasturini ishlab chiqilib ikkala hamkor muassalarida amalga oshirishda hamkorlik qilish ham muhim qarorlardan biri bo‘ldi. Talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi imkoniyatlarini kengaytirish, Sharqiy Angliya universitetidan professorlarni taklif qilish va talabalarning qo’shma amaliyot dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Sharqiy Anglia universiteti vakillari uchun Andijonda madaniy almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, o‘zbek va boshqa osiyo tillarni o‘rganish uchun 10 kunlik yozgi lager tashkil etish taklifi ham hamkorlar tomonidan ijobiy qabul qilindi.
London biznes oliy maktabi o‘zining boy tarixi va bitiruvchilar klubining nufuzi jihatidan dunyoda o‘z o‘rniga ega hisoblanadi. London biznes oliy maktabi dekani janob Kim Soin hamda biznesni rivojlantirish menejeri Gaurav Jainlar bilan ham hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga kelishib olindi.
Angliya safari har tomonlama samarali hamda foydali o’tdi. Andijon davlat chet tillari institutining istiqbolda dunyoning TOP-1000 talik o’quv yurtlari ro’yxatiga kiritish, ta’lim dasturlari va o’quv rejalarini rivojlangan davlatlarning yetakchi ta’lim muassasalarimikiga moslash, ularning eng foydali jihatlarini ta’lim jarayoniga tatbiq etish va pirovardida jahon darajasidagi kadrlar tayyorlashga xizmat qiladigan shartnoma va kelishuvlar imzolandi. Bu albatta, kelajakda o’z mevasini berishi shubhasiz.