Xabaringiz bor, Andijon davlat chet tillari instituti hamda Janubiy Koreya Respublikasining Cheju Halla universiteti o’rtasida o’zaro hamkorlik ishlari yaxshi yo’lga qo’yilgan bo’lib, shu kunga qadar har ikki tomon delegatsiyalari o’zaro tashriflarni amalga oshirganlar.
Bundan tashqari hamkorlik natijasida Andijon davlat chet tillari instituti qoshida koreys tili markazi ham tashkil etilgan bo’ib, shu kunga qadar yuzlab o’quvchilarga ta’lim berishga ulgurdi.
Bugun – 04.07.2024-yil kuni ayni shu hamkorlikni yana-da mustahkamlash, yangi bosqichga ko’tarish maqsadida ZOOM platformasi orqali uchrashuv tashkil qilindi.
Andijon davlat chet tillari instituti vakillari ushbu onlayn muloqotda institut rektori D.A.Rustamov boshchiligida ishtirok etgan bo’lsalar, Cheju Halla universiteti vakillariga universitet rektori Sung Hun Kim boshchilik qildi.
Muloqot davomida «2+2 qo’shma ta’lim dasturi»ni ishga tushirish masalasi ustida jiddiy muzokara olib borildi. Har ikki tomon o’z takliflarini o’rtaga tashladi va keyingi uchrashuvlarda takliflarni to’liq o’rganib chiqqan holda shartnoma imzolashga kelishildi.
Bundan tashqari Andijon davlat chet tillari instituti qoshidagi koreys tili markazi faoliyatini yana ham rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi.
Andijon davlat chet tillari instituti rektori D.A.Rustamov Cheju Halla universiteti delegatsiyasini joriy yilning sentabr oyida bo’lib o’tadigan yangi o’quv binosining ochilish marosimiga taklif qildi.