Joriy yilning 16-23-fevral kunlari Andijon davlat chet tillari instituti rektori D.A.Rustamov AQShning Vashington shtatida bo’lib, «Xalqaro ta’lim adminstratorlari uyushmasi» (AIEA) konferensiyasida ishtirok etib qaytgan edi. Ushbu safar davomida ko’plab xalqaro OTMlari bilan hamkorliklarga asos solingan edi.
Ayni shunday hamkorliklarni kengaytirish maqsadida Andijon davlat chet tillari instituti Xalqaro hamkorlik bo’limi xodimlari tinimsiz izlanmoqdalar. Ushbu izlanishlar natijasi o’laroq ko’plab xalqaro OTMlari bilan hamkorliklar o’rnatilishi amalga oshirilmoqda.
Jumladan, kuni kecha ZOOM platformasi orqali Virginia Commonwealth University (VCU) TOP-1000talikka kiruvchi nufuzli universitet mas’ullari bilan suhbat olib borildi.
Suhbatda Andijon davlat chet tillari institutidan vakillar – rektorning Xalqaro loyihalar bilan ishlash va strategik rivojlanish bo’yicha maslahatchisi G.Raxmonova, Xalqaro hamkorlik bo’limi boshlig’i D.Ahmadaliyeva va Ingliz tili va adabiyoti fakultetidan Xalqaro loyihalar bo’yicha mas’ul D.Zohidovalar ishtirok etdilar.
Suhbat davomida turli qo’shma loyihalar muhokama qilindi va hamkorlikni to’liq yo’lga qo’yish uchun 2025-yilning bahor oylarida Andijon davlat chet tillari instituti delegatsiyasi Virjiniya shtatiga tashrif buyurishi belgilab olindi.