
Bugungi kunda xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish taraqqiyotga erishishning muhim shartlaridan biridir.
Ayni damda, institutimizning xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi A.S.Pushkin nomidagi Rus tili davlat institutida bo‘lib turibmiz.
Rossiya-O‘zbekiston ta’lim forumida imzolangan hamkorlik shartnomasiga muvofiq institutlarimiz o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohalarida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu aloqalarni yanada mustahkamlash safarimizning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Bugun institutimiz vakillari va hamkor institut rahbariyati o‘rtasida kemgaytirilgan uchrashuv tashkil etildi. Unda hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilib, hamkor institut rektori Truxanovskaya Natalya Sergeyevna bilan birgalikda yakuniy hujjat imzoladik. Hujjatga ko‘ra, 2024-yildan boshlab hamkorlikda doktorantura, magistratura mutaxassisligi va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yiladi va xalqaro grant doirasida innovatsion loyihalar amalga oshiriladi. Bundan tashqari, shartnoma asosida ilmiy-innovatsion hamkorlik aloqalarini yaxshilash, jumladan, ikki ta’lim muassasasining yetakchi professorlarini yosh tadqiqotchilarga biriktirish, Scopus va Web of Science bazalarida indekslanadigan jurnallarda hamkorlikda maqolalar e’lon qilishga kelishib olindi.
Shartnomada shuningdek, Pushkin nomidagi Rus tili davlat institutida o‘zbek tili va madaniyati markazini tashkil qilish, institutimizda esa hamkorlikda «Koginitiv lingvistika» ilmiy laboratoriyasini ochish belgilandi.
Kun davomida ushbu institutda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ham uchrashib, suhbat o‘tkazdim.
Yuqorida erishilgan kelishuvlar natijasida institutimizning rus tili ta’lim yo‘nalishlarida akademik va ilmiy faollik yanada yaxshilanadi, raqobatbardosh kadrlar tayyorlanadi.