
Avval xabar berganimizdek, bugun 21-fevral kuni Andijon davlat chet tillari instituti hamda Madaniyat va turizm vazirligining viloyat bosh boshqarmasi hamkorligida “21 fevral – Xalqaro gidlar kuni” munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir avvalida, institutning yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Botirjon Ahmedov so‘zga chiqib, bugungi sana bilan barcha yig‘ilganlarni muborakbod etdi.
Shundan so‘ng, kechaning badiiy qismiga navbat berildi. Unda, institutning “Gid hamrohligi, madaniyatlararo muloqot va tarjimashunoslik kafedirasi” tashabbusi bilan talabalar tomonidan tayyorlangan chiqishlar ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
Turli davlatlardagi xalqlarning madaniyatlari, an’analari va kuy-qo‘shiqlari asosida tayyorlab kelingan sahna ko‘rinishlarini talabalar maromiga yetkazib ijro etishdi. Jumladan Turkiya, Angiliya, Janubiy Koreya, Fransiya xalqlarining milliy libosida sahnaga chiqqan talabalar aynan o‘sha davlat tilida tomoshabinlar bilan salomlashib, sana munosabati bilan tabrik yo‘lladilar.
Shuningdek, tadbirda viloyat madaniyat xodimlari ham ishtirok etib, kechaga fayz bag‘ishladilar. Ularning kuy-qo‘shiqlari sadosi ostida talabalar tomonidan raqslar ijro etildi.
Ta’kidlash joizki, har yili 21 fevral kuni dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Xalqaro gidlar kuni (International Tourist Guide Day) nishonlanadi. Ushbu bayram Jahon gidlar uyushmalari federatsiyasi (WFTGA) tomonidan ta’sis etilgan. WFTGAga 1985 yil Birinchi xalqaro gidlar konvensiyasi doirasida asos solingan bo‘lib, bugunga kunda dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan 2 milliondan ziyod kishi uning a’zosi hisoblanadi. Xalqaro gidlar kuni bayrami 1990 yildan buyon nishonlanib kelinadi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati