Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 🇨🇳 Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 23-25-yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Shu munosabat bilan hozirda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Xitoyda bo‘lib turibmiz. Ushbu safar davomida 1-O‘zbekiston-Xitoy rektorlar forumida qatnashish bilan birga, Xitoyning yetakchi ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, Xitoydan talabalarni jalb qilish, ilmiy sohada aloqalarni boshlash bo‘yicha kelishuvlarga erishish bo‘yicha qator uchrashuvlar belgilangan.
Jumladan, bugun Beijing Silkroad Culture Development CO. LTD va Jiaxing Boulder Information Technology CO.LTD ta’lim tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdik.
Dastlab, Beijing Silkroad Culture Development CO. LTD vakillari bilan hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar olib bordik va yakunda kelishuv shartnomasi imzoladik. Unga ko‘ra, Xitoydan institutga
10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chogʻishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik
hamda
13.00.02 – Taʼlim va tarbiya nazariyasi va metodikasi
ixtisosliklari boʻyicha ilmiy hamkorlik qilishga, jumladan xorijiy doktorantlarni jalb qilishga erishiladi.
Jiaxing Boulder Information Technology CO.LTD tashkiloti vakillari bilan muzokaralar natijalariga ko‘ra, shartnoma tuzdik. Shartnomada institutimizning Filologiya va tillarni oʻqitish: tillar boʻyicha bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab har yili 50 nafar xitoylik talabalarni jalb qilish belgilandi. Shuningdek, Andijon davlat chet tillari institutda xitoy tili markazi tashkil qilishga kelishib olindi.
Erishilgan kelishuvlar Xitoy bilan aloqalarni mustahkamlash bilan birga, institutimiz rivojiga, xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarga chiqishimizga xizmat qiladi.
Safar davomida o‘tkazilgan uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar bo‘yicha xabar berib boraman.