

Andijon davlat chet tillari institutida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda JICA volontyor o‘qituvchilar dasturi koordinatori Nakano Shizuka xonim hamda loyiha ofiseri Xasanov Odilxon ishtirok etib, institutda yaratilgan ta’lim muhiti, moddiy-texnik baza va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Muloqot davomida institutda yapon tiliga bo‘lgan qiziqish, mavjud imkoniyatlar hamda JICA grant dasturi doirasida yaponiyalik volontyor o‘qituvchini institutga jalb etish masalalari muhokama qilindi. Mazkur tashabbus talabalarga yapon tilini bevosita ona tili vakilidan o‘rganish, til amaliyotini kuchaytirish va xalqaro standartlarga mos bilim hamda ko‘nikmalarni egallash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Shuningdek, tomonlar yapon tili va madaniyatini targ‘ib etish, talabalar almashinuvi dasturlarini rivojlantirish, turizm va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Mazkur uchrashuv Andijon davlat chet tillari instituti va JICA o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, talabalarga xalqaro ta’lim imkoniyatlarini yaratish hamda O‘zbekiston–Yaponiya ta’lim aloqalarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati