ADCHTI VOLONTYORLAR JAMOASIGA RASMIY A’ZOLIK GUVOHNOMALARI TOPSHIRILDI

Andijon davlat chet tillari institutida «Payshanba — Yoshlar kuni» munosabati bilan tashkil etilgan «Volontyorlik harakati» doirasidagi qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Mazkur tashabbus doirasida institut Volontyorlar jamoasiga a’zo bo‘lish istagini bildirgan talabalar uchun turli ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy, tashkiliy hamda jamoatchilik faoliyatiga yo‘naltirilgan o‘ndan ortiq loyihalar tashkil etildi. Ushbu loyihalarda faol ishtirok etgan talabalar o‘zlarining tashabbuskorligi, jamoa bilan ishlash ko‘nikmalari va ijtimoiy faolliklarini namoyon etdilar.

Tadbir yakunida volontyorlik faoliyatida alohida faollik ko‘rsatgan 60 nafar talabaga Andijon davlat chet tillari instituti Volontyorlar jamoasining rasmiy a’zolik guvohnomalari topshirildi.

Guvohnomalarni institut Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i A.Yunusov tantanali ravishda topshirib, yoshlarni ijtimoiy hayotdagi faolligi, jamiyat ravnaqiga daxldorlik hissi hamda ko‘ngillilik harakatlaridagi fidoyiligi bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek, volontyorlik faoliyati yoshlarning liderlik salohiyatini rivojlantirish, jamoada ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash, fuqarolik mas’uliyatini oshirish hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishlari uchun muhim maydon hisoblanadi.

Andijon davlat chet tillari instituti Volontyorlar jamoasi bundan buyon ham talaba-yoshlarni ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtiruvchi, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlovchi va jamiyat manfaatlariga xizmat qiluvchi loyihalarni amalga oshirishda davom etadi.

Agar siz ham ushbu jamoa aʼzosi boʻlishni istasangiz — xali ham kech emas, hoziroq @asrorvna_g manziliga murojaat qiling!

Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content