

Andijon davlat chet tillari instituti Ingliz tili va adabiyoti fakulteti talabalari atrof-muhit tozaligiga hissa qo‘shish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida navbatdagi xayrli tashabbusni amalga oshirdilar.
Bugun ekologik madaniyatni yuksaltirish har bir fuqaroning, ayniqsa, yoshlarning ustuvor vazifasiga aylanmoqda. Shu maqsadda, Ingliz tili va adabiyoti fakulteti tyutori N.Yusupova tashabbusi bilan 24/06–24/07-guruh talabalari ishtirokida “Plogging” (ekologik yugurish) aksiyasi tashkil etildi.
“Mahallani chiqindidan xoli hududga aylantiramiz” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur aksiya nafaqat hududni obodonlashtirish, balki yoshlar qalbida tabiatga bo‘lgan daxldorlik hissini uyg‘otishni maqsad qilgan. Talabalar belgilangan marshrut bo‘ylab harakatlanib, atrof-muhitni maishiy chiqindilardan tozalash bilan bir qatorda, jismoniy faollik orqali salomatliklarini mustahkamladilar.
“Plogging — bu shunchaki tozalik tadbiri emas, balki jamiyatning ekologik ongini o‘zgartirishga qaratilgan harakatdir. Talabalarimizning bu boradagi faolligi mahalla ahliga ham o‘rnak bo‘lmoqda”, — deydi tadbir tashkilotchilari.
Tadbir yakunida yig‘ilgan barcha chiqindilar maxsus utilizatsiya punktlariga topshirildi. Bu kabi aksiyalar institutimizda talabalarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish va «yashil» tamoyillarni hayotga tatbiq etish borasidagi ishlar izchil davom etayotganidan dalolatdir.