
Ayni vaqtda Rossiya Federatsiyasida xizmat safarida bo‘lib turgan Andijon davlat chet tillari instituti rektori D.A.Rustamov boshchiligidagi delegatsiya A.S.Pushkin nomidagi Rus tili davlat universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida delegatsiyani institut rektori N.V.Gusev boshchiligidagi adminstratsiya vakillari samimiy kutib oldilar.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilinib, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va malaka oshirish yo‘nalishlarida qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan:
Andijon davlat chet tillari instituti bazasida Pushkin instituti Test markazi filialini ochish va test imtihonlarini tashkil etish;
Tartibli mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish maqsadida qo‘shma o‘quv markazi tashkil etib, migrantlarni patent olish imtihoniga tayyorlash;
Qo‘shma ilmiy loyihalarda ishtirok etish va ilmiy ishlanmalarni nashr qilish;
Doktorantlarga ilmiy rahbar tayinlash;
Pushkin instituti huzuridagi Ilmiy darajalarni beruvchi kengashda ADCHTI doktorantlari dissertatsiyasini himoya qilish imkoniyatini yaratish;
Xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro til olimpiadasini tashkil etish;
Professor-o‘qituvchilar uchun xorijiy stajirovkalar va master-klasslarni o‘tkazish;
Pushkin instituti olimlarining Andijon davlat chet tillari institutida dars mashg‘ulotlarini olib borishi.
Mazkur kelishuvlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqib, yoshlarning raqobatbardosh kadr sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati