
Hayot davomida avlodlar orasidagi uzviy bog‘lanish, ustoz-shogird an’anasi va tajriba almashinuvi qadimdan eng katta qadriyat sanalgan. Shu bois har bir oliy ta’lim dargohining sharafli tarixi nafaqat bugunning izlanuvchan yoshlari, balki kechagi bitiruvchilar va bugungi tajribali olimlar bilan ham mustahkamlanib boradi.
Andijon davlat chet tillari institutida ana shunday muhim qadriyatni asrab-avaylash va rivojlantirish maqsadida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi. Tadbirda institutning tajribali olimlari, yosh professor-o‘qituvchilar hamda 2007–2011-yillarda ushbu dargohda tahsil olib, hozir turli sohalarda faoliyat yuritayotgan sobiq bitiruvchilar ishtirok etdilar.
Samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda avlodlar birligi, institutning bugungi yutuqlari va kelajakdagi rejalar haqida fikr almashildi. Bitiruvchilar o‘z tajribalari, kasbiy faoliyatdagi yutuqlari bilan bo‘lishib, yosh kadrlarga zarur maslahat va motivatsiya berdi. Tadbir davomida mehmonlarga institutning hozirgi faoliyati, o‘quv jarayonidagi yangiliklar va erishilayotgan natijalar haqida ham ma’lumot berildi.
Mazkur uchrashuv institutda ustoz-shogird an’anasini yanada mustahkamlash, bitiruvchilar bilan aloqalarni rivojlantirish va yosh avlodni yanada katta maqsadlarga undashga xizmat qiladi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati