TALABALIK MUHITI VA MILLIY QADRIYATLAR UYGʻUNLIGI

2025-yil 5-iyun kuni Andijon davlat chet tillari institutida talabalarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini yuksaltirish, milliy o‘zlik va tarixiy merosga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida “Milliy qadriyatlar ko‘rgazmasi” tashkil etildi.

Mazkur tadbir institutning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat boʻlimi, Xotin-qizlar kengashi hamda institutning iqtidorli talabalari hamkorligida o‘tkazildi. Ko‘rgazmada o‘zbek xalqining boy tarixiy merosi, urf-odatlari, qadimiy kasb-hunarlari, milliy liboslari, xalq amaliy san’ati namunalarini o‘z ichiga olgan eksponatlar namoyish etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar qadimiy gilamdo‘zlik, kulollik, do‘ppido‘zlik, kandakorlik, kashtachilik kabi milliy hunarmandchilik mahsulotlarini yaqindan tomosha qilishdi. Shuningdek, talaba-yoshlar o‘zlari tayyorlagan milliy taomlar, qadimiy buyumlar, tarixiy kitoblar va turli eksponatlar bilan ko‘rgazmaga munosib hissa qo‘shdilar.

Tadbir doirasida milliy qadriyatlar, ularning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni, an’analarni saqlash va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan qisqa ma’ruzalar ham tinglandi.

Mazkur ko‘rgazma talabalarga nafaqat ma’naviy zavq ulashdi, balki ularni o‘z tarixini chuqurroq anglashga, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.

Leave a Reply

Skip to content