QOZOG‘ISTONDA MARKAZIY OSIYO SEJONG MARKAZLARI ISHTIROKIDA XALQARO SEMINAR-TRENING BO‘LIB O‘TDI

2026-yil 6–8-avgust kunlari Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida Sejong Hakdang Foundation tomonidan tashkil etilgan “2026년 중앙아시아 세종학당 워크숍” — “2026-yil Markaziy Osiyo Sejong markazlari seminari” bo‘lib o‘tdi.

 Mazkur xalqaro malaka oshirish dasturida Andijon davlat chet tillari instituti huzurida faoliyat yuritayotgan Andijon Qirol Sejong koreys tili markazi ish boshqaruvchisi va o‘qituvchilari ham munosib ishtirok etdilar.

Seminar-trening Markaziy Osiyoning turli hududlarida faoliyat olib borayotgan Sejong markazlari boshqaruvchilari va o‘qituvchilarini bir maydonda jamladi. Ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, ta’lim jarayonidagi samarali yondashuvlar, zamonaviy metodlar hamda kelgusidagi hamkorlik va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar.

Malaka oshirish dasturi doirasida Sejong markazlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, boshqaruv jarayonlarini samarali tashkil etish va istiqbolli loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan maxsus trening hamda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, tajriba almashish va fikr-mulohaza sessiyalarida turli mamlakat va hududlarda faoliyat yuritayotgan Sejong markazlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar doirasida ishtirokchilarning nafaqat kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, balki koreys tili va madaniyatini yanada chuqurroq o‘rganishlariga qaratilgan madaniy mashg‘ulotlar ham tashkil etildi.

Dasturning so‘nggi kunida ishtirokchilar uchun Olmaota shahrining diqqatga sazovor maskanlari bo‘ylab sayohat uyushtirildi. Ushbu sayohat yangi taassurotlar olish, o‘zaro do‘stona aloqalarni mustahkamlash hamda unutilmas xotiralar bilan qaytish imkonini berdi.

“2026년 중앙아시아 세종학당 워크숍” bilim va tajriba almashish bilan bir qatorda, Markaziy Osiyodagi Sejong markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi g‘oya va istiqbolli loyihalarni shakllantirish uchun muhim xalqaro platforma bo‘ldi.

Andijon Qirol Sejong koreys tili markazi jamoasi uchun ushbu xalqaro dastur yangi bilimlar, qimmatli tajribalar hamda kelgusidagi faoliyatni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar manbai bo‘lib xizmat qildi.

MANZIL: ANDIJON DAVLAT CHET TILLAR INSTITUTI

Skip to content