


Andijon davlat chet tillari instituti xalqaro ta’lim va madaniyatlararo muloqot markaziga aylanmoqda.
Kuni kecha — «Payshanba — yoshlar kuni» doirasida institut hayotida hamda viloyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan voqea yuz berdi. Andijon davlat chet tillari institutida Janubiy Koreyaning Cheju Halla universiteti bilan hamkorlikda «Andijon Sejong koreys tili markazi»ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur markazning tashkil etilishi hududda koreys tiliga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, oliy ta’lim sohasidagi xalqaro aloqalarni mustahkamlash hamda eng muhimi — yoshlar uchun tartibli va xavfsiz migratsiya imkoniyatlarini yaratish yo‘lidagi ulkan qadamdir.
Ochilish marosimida ishtirok etish uchun Janubiy Koreyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Cheju Halla universiteti rasmiy delegatsiyasi tashrif buyurdi. Mehmonlarni institut rektori, professor Dilshodbek Rustamov boshchiligidagi rahbariyat vakillari samimiy kutib oldilar.
🇺🇿🇰🇷 Ikki davlat rasmiylari ishtirokida markazning ramziy tasmasi qirqilib, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan auditoriyalarda ilk dars mashg‘ulotlariga start berildi. Professor Dilshodbek Rustamov ta’kidlaganidek, ushbu markaz nafaqat til o‘rgatadi, balki Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy hamda iqtisodiy ko‘prik vazifasini o‘taydi.
Tadbirning davomi institutning Faollar zalida katta madaniy-ma’rifiy bayramga ulandi. Marosimni kirish so‘zi bilan ochib bergan rektor D.Rustamov O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari oliy ta’lim tizimida o‘zining amaliy natijalarini berayotganini qayd etdi. Shundan so‘ng, Cheju Halla universiteti delegatsiyasi rahbari so‘zga chiqib, Andijon yoshlarining shijoati va bilimga bo‘lgan intilishiga yuqori baho berdi.
Tadbir davomida koreys tili yo‘nalishi talabalari tomonidan ijro etilgan koreys va o‘zbek milliy kuylari, raqslari va sahna ko‘rinishlari ikki xalqning o‘zaro yaqinligini, madaniy mushtarakligini yana bir bor namoyish etdi.
»Andijon Sejong koreys tili markazi» endilikda viloyat yoshlari uchun Janubiy Koreyaning nufuzli universitetlarida ta’lim olish va xalqaro mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish uchun asosiy tayanch maskani bo‘lib xizmat qiladi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati