



Andijon davlat chet tillari institutida aholi orasida o‘tkir yurak-qon tomir va cerebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish hamda tibbiy madaniyatni yuksaltirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi “O‘tkir yurak-qon tomir va cerebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-20-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Muloqotni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori J.Siddikov ochib berdi. U o‘z so‘zida har bir pedagog va talaba o‘z sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan yondashishi, bu boradagi huquqiy va tibbiy bilimlarni oshirishi muhimligini ta’kidladi.
Tadbirda mehmon sifatida ishtirok etgan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat hududiy filiali «Yurak ishemik kasalliklari» bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Qo‘chqorov mavzu yuzasidan batafsil tushunchalar berdi.
Mutaxassis tomonidan quyidagilarga alohida urg‘u berildi:
Kasalliklarni barvaqt aniqlash va 30 yoshdan oshgan aholini maqsadli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi;
Sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikning yurak faoliyatidagi o‘rni;
Qarorda belgilangan yangi reabilitatsiya tizimi va aholiga kardiologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish bosqichlari.
Savol-javoblarga boy o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan tibbiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha mutaxassisdan zarur tavsiyalar oldilar. Bu kabi tadbirlar institut jamoasi orasida tibbiy savodxonlikni oshirish va sog‘lom muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati