

Andijon davlat chet tillari instituti xalqaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bugun oliygohning 23 nafar iqtidorli talabasi va malakali o‘qituvchilari Buyuk Britaniyaning Norvich (Norwich) shahriga maxsus malaka oshirish va almashinuv dasturi doirasida jo‘nab ketdilar.
Mazkur safar davomida delegatsiya a’zolari zamonaviy ta’limning eng ilg‘or yo‘nalishlaridan biri — «Til o‘rgatishda sun’iy intellekt» (AI in Language Teaching) kursida tahsil oladilar hamda talaba almashinuv dasturi doirasida xalqaro tajriba almashadilar. Bu natija institut tarixidagi eng yirik va salmoqli ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, oliygohning raqamli ta’lim va innovatsiyalar borasidagi strategik maqsadlariga to‘la mos keladi.
Bugun institutda ushbu guruhni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor M.Kurbanov, O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i K.Karimov, Institut yoshlar yetakchisi I.Abdulxamidovlar ishtirok etdilar.
Mas’ullar o‘z nutqlarida ushbu safarning nafaqat ishtirokchilar, balki butun institut jamoasi uchun ahamiyatli ekanligini ta’kidladilar. Buyuk Britaniyada orttirilgan bilim va sun’iy intellekt bo‘yicha yangi metodikalar kelgusida Andijon davlat chet tillari instituti o‘quv jarayoniga joriy etilishi alohida qayd etildi.
Kuzatish marosimi iliq va samimiy ruhda o‘tdi. Safarga otlangan ustoz va talabalarga ulkan zafarlar, institutimiz dovrug‘ini xalqaro miqyosda yanada yuksaltirishda muvaffaqiyatlar tilab qolindi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati