TALABALAR FAOLLIGINI OSHIRISHGA QARATILGAN YIGʻILISH BOʻLIB OʻTDI

Andijon davlat chet tillari institutida yoshlar tarbiyasi, ularning ijtimoiy faolligi va ma’naviy dunyosini yuksaltirish borasidagi ishlarga yangicha yondashuvni shakllantirish maqsadida navbatdagi muhim yig‘ilish tashkil etildi.

Yig‘ilishga institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori J.Siddikov hamda institut profilaktika katta inspektori B.Xodjayev raislik qildi. Unda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi rahbar va xodimlari, fakultet dekanlarining o‘rinbosarlari, tyutorlar ishtirok etdilar.

Majlisda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan respublika bo‘ylab amalga oshirilayotgan «Dolzarb 90 kunlik» loyihasi ijrosini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Loyihaning asosiy maqsadi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni salbiy ta’sirlardan himoya qilish, sog‘lom va faol hayot tarziga yo‘naltirishdan iborat ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida, ayniqsa, talaba-qizlar bilan ishlash samaradorligini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ular ishtirokida muntazam tashkil etilayotgan davra suhbatlari, psixologik treninglar hamda shaxsiy rivojlanishga qaratilgan uchrashuvlarning ta’sirchanligini kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Psixologlar va soha mutaxassislarini jalb qilgan holda, har bir guruh kesimida individual yondashuv zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jamoaviylik va bilimga intilish ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida sport musobaqalari va intellektual bellashuvlarni yanada faollashtirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Bu borada “Talabalar sport haftaligi”, “Zakovat”, “Kitobxonlar bellashuvi” kabi tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazish taklif qilindi.

Yig‘ilish yakunida barcha mas’ul xodimlarga fakultetlar va guruhlar kesimida tahliliy monitoring olib borish, yoshlar bilan ishlashdagi har bir faoliyat natijadorligiga e’tibor qaratish, hamda har oy yakunida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tahliliy hisobotlar tayyorlab borish topshirildi.

Mazkur yig‘ilish institut miqyosida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda uzviylik va tizimlilikni ta’minlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning sifat darajasini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Leave a Reply

Skip to content