Andijon davlat chet tillari instituti — yoshlar orzusidagi oliygoh

 

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar ta’limi, ularning kelajak kasbiga chuqur tayyorlanishi, milliy va zamonaviy qadriyatlar uyg‘unligida yetuk kadr bo‘lib yetishishi ustuvor masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Aynan shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan oliy ta’lim muassasalaridan biri — bu Andijon davlat chet tillari institutidir.

Yosh oliygoh bo‘lishiga qaramay, institut bugun o‘z faoliyati, tashabbuslari, tashkilotchiligi bilan respublikadagi eng faol, eng zamonaviy va eng ma’naviyatli ta’lim maskanlari safidan mustahkam o‘rin olmoqda. Bu yerda yoshlar nafaqat til o‘rganishadi, balki o‘zini anglaydi, jamiyatga daxldorligini his qiladi, ijod qiladi, yetakchilikni o‘z zimmasiga olishga ulg‘ayadi.

Institutda bugungi kun yoshlari hayotining eng muhim jihatlari — vatanparvarlik, milliy g‘urur, madaniyat, sport, ta’lim, psixologik barqarorlik va ijodkorlik kabi yo‘nalishlar izchil yoritib borilmoqda. Har bir tadbir, har bir loyiha zamirida bir maqsad: talabaning qalbiga ezgulik urug‘ini ekish, uni kelajakda xalqimizga munosib kadr sifatida kamol toptirish yotadi.

Yaqinda o‘tkazilgan «Vatanparvarlik, milliy g‘urur va harbiy xizmatga shaylik» mavzusidagi videoroliklar yoshlar qalbiga iftixor va mas’uliyat tuyg‘usini singdirdi. Tadbirlarda yoshlar nafaqat tomoshabin, balki faol ishtirokchi, tashabbuskor va ijodkor sifatida maydonga chiqishdi. Ularning sahnadagi chiqishlari, har bir replikasi, har bir nigohi hayotiy haqiqatni ochib berdi.

Shuningdek, institutda yoshlarning badiiy-estetik tarbiyasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘zbek adabiyoti durdonalaridan biri — Erkin Vohidovning «Nido» dostoni asosida sahnalashtirilgan kompozitsion chiqishlar talabalar qalbini larzaga solib, ularga tarix va haqiqatni san’at tili orqali yetkazdi. Bu nafaqat adabiyot, bu nafaqat teatr — bu yosh avlodning ichki olamiga sayohat edi.

Yoshlar salohiyati faqat sahnada emas, sport maydonlarida ham porlamoqda. Yozgi oromgohlar, turli sport musobaqalari, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi tashabbuslar orqali har bir talaba o‘z kuchini, jismoniy salohiyatini, jamoada ishlash ko‘nikmasini yanada mustahkamlamoqda.

Albatta, buning zamirida institut rahbariyati tomonidan yaratilgan ochiqlik, tashabbusni qo‘llab-quvvatlash, har bir talabaning ovozini eshitishga tayyor bo‘lgan ijobiy muhit turibdi. Bu yerda har bir talaba o‘z orzularini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat topadi: u she’r yozadimi, sport bilan shug‘ullanadimi, teatrni yaxshi ko‘radimi yoki ijtimoiy loyihalar tashabbuskorimi — unga sharoit bor.

Aynan shuning uchun ham institut nafaqat ta’lim muassasasi, balki yoshlar uchun ilhom manbai, orzu makoni, o‘zini topish maydoniga aylanmoqda.

Andijon davlat chet tillari instituti — yoshlar orzusidagi oliygoh. Chunki bu yerda yoshlar orzulari faqat yurakda emas, hayotda, amalda, sahnada, mikrofon ortida, auditoriyada va sport maydonida ro‘yob topmoqda.

Ataxanova Mahliyo Kamoliddin qizi – Gid hamrohligi, madaniyatlararo muloqot va tarjimashunoslik kafedrasi v.v.b. dotsenti

Leave a Reply

Skip to content