XALQARO SAYYOHLIK GIDLARI KUNI INSTITUTIMIZDA KENG NISHONLANDI

Bugun – 21.02.2025- yil kuni Andijon davlat chet tillari instituti Ingliz filologiyasi, oʻqitish metodikasi va tarjimashunoslik fakultetida fakultet dekani A.Ataboyev hamda Gid hamrohligi, madaniyatlararo muloqot va tarjimashunoslik kafedrasi mudiri M.Qosimovalar tashabbusi bilan Xalqaro sayyohlik gidlari kuni sharafiga bayram tadbiri tashkil qilindi.

Bayram tadbirini institutning Oʻquv ishlari boʻyicha prorektori E.E.Kurbanov ochib berdi va barcha soha vakillarini ushbu sana munosabati bilan tabrikladi.

Tadbir davomida, talaba-yoshlar faol qatnashib, oʻz chiqishlarini namoyish qildilar. Ular sayyohlik gidligi kasbining ahamiyati, xalqaro sayyohlikning rivojlanishi va gidlarning bu sohadagi o‘rni haqida ko’rinishlar bilan ishtirok etdilar. Shuningdek, talabalar tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari, sheʼriy chiqishlar va savol-javoblar tadbirga alohida ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Tadbir doirasida sohaning tajribali mutaxassislari ham mehmon sifatida ishtirok etib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Xususan, Andijon viloyatidagi sayyoh va oʻqituvchilar Sharda universiteti menejment kafedrasi professori – Dr. Nagala Shyam Venkata Nooka Raju, Humanities kafedrasi professori Dr. Ritu Sharma hamda «D tour LLC» professional Gid-ekskursovod Xatamov Elyorbeklar oʻzlarining gidlik faoliyatining qiziqarli  sir-asrorlari bilan bo‘lishdilar.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talabalar fakultet dekani A.Ataboyev tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Institut rahbariyati bunday tadbirlarning talabalar uchun foydali ekanini ta’kidlab, kelgusida ham turli loyihalar va seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Tadbir talabalarga katta taassurot qoldirdi va ularning xalqaro gidlik sohasi bo‘yicha bilim va qiziqishlarini yanada oshirdi.

Leave a Reply

Skip to content