
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-aprel kungi “Ijod maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-147-son qarori ijrosini ta’minlash, jumladan, mazkur qarorning 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Ijod maktablarini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari”ga kiritilgan tadbirlarni amalga oshirish va belgilangan rejani bajarishda ko‘maklashish maqsadida 2024-yil 18-aprel kuni Andijon davlat chet tillari instituti va Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga qarashli Andijon shahar Muhammad Yusuf ijod maktabi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Unga ko‘ra, Ijod maktabida xalqaro sertifikatlarga (IELTS, CEFR, TOEFL va boshqa) ega o‘qituvchilar ulushini oshirish, chet tillaridan CEFR talablari asosida B2 va B2+ darajadagi sertifikatga ega bitiruvchilar ulushini oshirish; ikkinchi xorijiy tilni o‘rganib, CEFR talablari asosida B2 va B2+ darajadagi sertifikatga ega bitiruvchilar ulushini oshirish; chet tillari bo‘yicha o‘tkaziladigan fan olimpiadalari va ko‘rik-tanlovlarda ijod maktabi o‘quvchilari qamrovini oshirishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Andijon davlat chet tillari instituti hamda Andijon shahar Muhammad Yusuf ijod maktabi hamkorlikda Andijon shahar Muhammad Yusuf ijod maktabi oʻquvchilari va o‘qituvchilari uchun tashkil etiladigan chet tillari olimpiadalari, ilmiy-ijodiy konferensiyalar haqida xabarlarni yetkazish, ixtiyoriy ravishda ularning ishtirok etishini tashkil etish va oʻtkazish maqsadida Tomonlar oʻzaro hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Memorandumni imzolash marosimi yakunida Andijon davlat chet tillari institutining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori E.E.Kurbanov hamda Andijon shahridagi Muhammad Yusuf ijod maktabi direktori Sh.M.Nurmatovalar o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldilar.