Andijon davlat chet tillari institutining joriy o’quv yili hisobidan 4-Kengash yig’ilishi bo’lib o’tdi. Yig’ilish davomida bir qator masalalar ko’rib chiqildi.
Jumladan, institutda yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ishlar samaradorligi, fakultetlarda olib borilgan ishlarning tanqidiy tahlili yuzasidan institut birinchi prorektori B.Axmedov ma’ruza qildi hamda kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan o’z takliflarini bildirdi. Qo’shimcha sifatida Kengash raisi, institut rektori D.A.Rustamov respublika miqyosidagi turli tanlovlarga talabalarni tayyorlashda oqsoqlikka yo’l qo’yilayotganini ta’kidlab, «Yil talabasi-2023» tanlovida institut miqyosida 7 ta yo’nalishdan 4 tasiga hujjat topshirilgani, respublikaga esa 3 ta yo’nalishdangina nomzodlar hujjati tanlab olingani achinarli ekanini misol qilib o’tdi.
Bundan tashqari Axborot resurs markazi, Magistratura bo’limi tomonidan olib borilgan ishlar hisoboti tinglandi. 1-bosqich magistrantlarning dissertatsiya mavzulari hamda ilmiy rahbarlari tasdiqlandi.
Turli masalalarda institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori M.Kurbanov professor-o’qituvchilar tomonidan ishlab chiqilgan monografiya hamda o’quv qo’llanmalar bilan kengash a’zolarini tanishtirib, ushbu yo’nalishda ham faollikni oshirishga chaqirdi. O’quv ishlari bo’yicha prorektor E.Kurbanov talabalar o’rtasida o’tkazilgan so’rovnomalar natijalariga to’xtalib o’tib, professor-o’qituvchilar tomonidan dars mashg’ulotlarini sifatli tarzda o’tilishiga erishish lozimligi yuzasidan kafedra mudirlariga ko’rsatmalar berib o’tdi. Kengash tomonidan ushbu so’rovnomalar yana 3 oydan so’ng qayta o’tkazilishi yuzasidan qaror qabul qilindi.