Bilamizki, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi insonlar manfaati, ayniqsa, yosh bolalar, ayollar, nogironligi bo’lgan shaxslar, keksalar qadr-qimmatini himoya qilishi, ulug’lashi bilan ham ahamiyatli. Uning har bir moddasini o’rganish jarayonida bunga yana bir bor amin bo’lasiz.
Andijon davlat chet tillari institutida talaba-yoshlarning konstitutsiyaviy bilimlarini oshirish, uning asosiy prinsiplari bilan tanishtirish maqsadida «Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari» mavzusida davra suhbati tashkil qilindi. Davra suhbatini institutning o’quv ishlari bo’yicha prorektori E.Kurbanov ochib berdi va ishtirokchilarni tashrif buyurgan mehmonlar: Jinoyat ishlari bo’yicha Andijon shahar sudi raisi U.Karimov hamda sudya E.Pirmatov bilan tanishtirdi.
Shundan so’ng mutaxassislar so’z olib, konstitutsiyaning asosiy tamoyillari haqida fikr yuritishar ekan, unda jinoyatchilikning oldini olish, yosh bolalar va, ayniqsa, xotin-qizlarga nisbatan zo’rovonlikka yo’l qo’ymaslikka erishishga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladilar. Jumladan, xotin-qizlarga nisbata zo’ravonlik holatlari butun dunyoda uchrab, hammma joyda unga qarshi kurashilib, BMT tomonidan 25-noyabr – Xalqaro ayollarga qarshi zo’ravonlikka barham berish kuni sifatida nishonlanib kelinayotgan bo’lsa ham, yurtimizda hamon bunday xunuk vaziyatlar tez-tez uchrab turgani achinarli ekanini aytib o’tdilar.
Bundan tashqari asosiy qonunimizda gender tengligiga ham katta ahamiyat berilgani, unga erishish uchun respublika miqyosida ishlar jadal tarzda olib borilayotganiga to’xtalib o’tildi. Shundan so’ng talaba-yoshlar ham mavzu yuzasidan mutaxassislarga o’zlarini qiziqtirgan savollar yo’llab, qo’shimcha fikr-mulohazalarini bildirdilar.