Institut kutubxonasi ta’mirdan so’ng foydalanishga topshirildi

Kuni kecha, Andijon davlat chet tillari institutining Axborot-resurs markazi qayta ta’mirdan so‘ng foydalanishga topshirildi. Jarayon tantana tarzida o‘tkazildi. Ushbu tadbirda institut rektori Dilshodbek Rustamov, nemis tili nazariyasi va amaliyoti kafedra mudiri professor Muxtorxon Umarxojayev va boshqa professor-o‘qituvchilar, talabalar ishtirok etdi.

Dastlab, institut rektori Dilshodbek Rustamov so‘zga chiqib, bugungi quvonchli kun bilan barchani muborakbod etdi. Yaratilgan bu kabi imkoniyatlardan talabalar unumli foydalanib, a’lo baholarga o‘qib ota-onalar va ustozlar ishonchini oqlash muhimligini ta’kidladi.                                                                                                                                           

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, mamlakatimiz Prezidentining tegishli qaroriga asosan Andijon davlat chet tillari instituti 2022 yilda qayta tashkil topganidan so‘ng, muassasada sezilarli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Birgina, Axborot-resurs markazining qayta ta’mirlanishi xususida gapiradigan bo‘lsak. Mazkur ishlarga 280 mln.so‘m mablag‘ sarflanib, professor-o‘qituvchi va talabalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Yangi jihozlar bilan ta’minlandi.

Axborot-resurs markazida 2022 sentyabr holatiga umumiy 35 ming 560 ta o‘quv-adabiyotlar mavjud bo‘lib, hozirgi kunda qariyb 1000 dona yangi o‘quv-adabiyotlar sotib olindi.

Tadbirga yig‘ilganlar ushbu yangi adabiyotlar bilan tanishib chiqdilar. Talabalar va professor-o‘qituvchilarga qulaylik yaratish maqsadida kutubxona.adchti.uz elektron bazasi yaratilgan bo‘lib, unda barcha kitoblarning elektron varianti mavjud.

Shu o‘rinda yana bir muhim jihatni ta’kidlash joizki, kutubxonani ta’mirlash ishlari “Ochiq budjet” orqali amalga oshirildi. Belgilangan tartib asosida ovoz yig‘ish jarayonlari o‘tkazilgan bo‘lib, unda institut jamoalari va talabalar faol ishtirok etdilar. Loyihani “Ochiq budjet” portaliga joylashtirishdan tortib, unga ovoz to’plash davrida o’zining faolligini ko’rsatgan ingliz filologiyasi o‘qitish metodikasi va tarjimashunoslik fakulteti, Ingliz tili o‘qitishning integrallashgan kursi kafedrasi, o‘qituvchisi Gulzoda Tadjiboeva esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Zamonaviy, keng va shinam yangi kutubxona endi talabalar ixtiyorida.

Leave a Reply

Skip to content