


Andijon davlat chet tillari instituti ilmiy salohiyati jahonning nufuzli minbarlarida munosib e’tirof etilmoqda. Hindistonning QS TOP-500 talik ro‘yxatidan joy olgan Javaharlal Neru universitetida (JNU) bo‘lib o‘tgan tantanali marosim oliygohimiz tarixida yangi sahifa ochdi.
Quvonarli jihati shundaki, institutimizning Umumiy va qiyosiy tilshunoslik kafedrasi mudiri, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Abdullayev Begzodbek Xoldaraliyevich nufuzli “Best Scientist of the Year” (Yilning eng yaxshi olimi) xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Dotsent B.Abdullayevning fors va Markaziy Osiyo tillari bo‘yicha amalga oshirgan chuqur qiyosiy tadqiqotlari, akademik yetakchiligi hamda Javaharlal Neru universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali ilmiy hamkorligi xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi.
Tadbir doirasida, shuningdek, «SUZ.IN» xalqaro ilmiy jurnalida dolzarb maqolalar chop etgan institutimizning fidoyi olimalari:
Zebiniso Kabilova
Iroda Zaynobidinova
Xulkaroy Davlatovalar maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandilar.
Marosim davomida institut rektori nomidan Javaharlal Neru universiteti rahbariyati va talabalariga o‘zbek madaniyati va adabiyotini aks ettiruvchi esdalik sovg‘alari hamda qimmatli kitoblar jamlanmasi topshirildi. Bu qadam ikki oliygoh o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Andijon davlat chet tillari instituti jamoasi Begzodbek Abdullayevni va barcha taqdirlangan ustozlarimizni ushbu yuksak muvaffaqiyat bilan samimiy muborakbod etadi!
Ilmiy cho‘qqilar sari parvozingiz bardavom bo‘lsin!
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati