TARTIB VA MAS’ULIYAT — XAVFSIZ TA’LIM GAROVI: REKTOR TALABA-YIGITLAR BILAN UCHRASHDI

 ​Andijon davlat chet tillari institutida «Xavfsiz ta’lim muhiti» loyihasi doirasida ochiq muloqotlar davom etmoqda. Talaba-qizlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng, bugun institut rektori, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov oliygohning 250 nafarga yaqin yetakchi va faol talaba-yigitlari bilan yuzma-yuz muloqot qildi.

​Uchrashuvda rektor maslahatchisi M.Isroilov ham ishtirok etib, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat tartibini saqlash masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

 ​Muloqot davomida asosiy e’tibor quyidagi masalalarga qaratildi:

​ Fuqarolik mas’uliyati va intizom: Talaba-yigitlarning institut ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, kiyinish va muomala madaniyati hamda oliygoh nufuzini himoya qilishdagi roli;
​Yot g‘oyalar va illatlarga qarshi kurash: Yoshlar o‘rtasida kiberjinoyatchilik, zararli odatlar hamda diniy ekstremizm kabi salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha hushyorlikni oshirish;
​ Hamjihatlik va xavfsizlik: Talabalar turar joylari va institut hududida tartibni saqlashda yigitlarning faolligini oshirish, har qanday shubhali holatlar bo‘yicha ma’muriyat bilan tezkor aloqa o‘rnatish;
​ Liderlik va namuna: Guruh sardorlari va yetakchi yoshlarning o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘lishi, ta’lim va tarbiya jarayonlaridagi faol ishtiroki.

​»Yigit kishi nafaqat o‘z oilasining, balki Vatanining, o‘zi o‘qiyotgan dargohning tayanchi bo‘lishi kerak. Biz yaratayotgan xavfsiz muhitning asosi — sizning ongli intizomingiz va mas’uliyatingizdir», — deya ta’kidladi rektor D.Rustamov.

 ​Uchrashuv yakunida talaba-yigitlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar va takliflar bilan murojaat qildilar. Bildirilgan takliflar asosida hududiy xavfsizlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content