

Bugun — 19.01.2026-yil kuni Andijon davlat chet tillari institutiga Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Yuy Szyun rasmiy tashrif buyurdi.
Oliy martabali mehmonni institut rektori, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov boshchiligidagi rahbariyat vakillari samimiy kutib oldilar. Muzokaralar stolida ikki tomonlama ta’lim sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, talabalar va oʻqituvchilar almashinuvini jadallashtirish hamda qoʻshma ta’lim dasturlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida tomonlar an’anaga ko‘ra o‘zaro esdalik sovg‘alari almashdilar.
Muzokaralardan so‘ng mehmonlarga institutda xitoy tilini chuqur oʻrganish uchun yaratilgan eng zamonaviy sharoitlar, o‘quv xonalari yaqindan tanishtirildi. Janob elchi yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholab, talabalarning til oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqidan mamnunligini bildirdi.
Tashrifning eng hayajonli qismi xitoy tili yoʻnalishi talabalari va institut faollari ishtirokida oʻtkazilgan konferensiya boʻldi. Unda janob Yuy Szyun talabalarga Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi doʻstona aloqalar, kelajakdagi imkoniyatlar haqida soʻzlab berdi hamda yoshlarning qiziqtirgan savollariga javob qaytardi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati
Text box item sample content