

Andijon davlat chet tillari institutida 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan institut Xotin-qizlar maslahat kengashi tashabbusi ostida institutning ayol rahbar va ishchi xodimlari hamda professor-o‘qituvchilari tomonidan yuqori saviyada badiiy tadbir tashkil etildi. Bayram tadbirida institutda faoliyat yuritayotgan erkak rahbar va ishchi xodimlar, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida erkak professor-o‘qituvchilar va xodimlar ayol jamoa tomonidan samimiy tabriklar, ezgu tilaklar va bayramona kayfiyat bilan qarshi olindi. Ushbu e’tibor va mehr institut jamoasida o‘zaro hurmat, qadrlash va birdamlik muhitini yanada mustahkamladi.
Bayram tadbiri davomida Vatan himoyachilari boʻlgan erkaklarning jasorati, fidoyiligi va mardligi alohida e’tirof etilib, yurt tinchligi, osoyishtaligi va barqarorligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan barcha soha vakillariga chuqur minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, bugungi tinch hayot, barqaror ta’lim muhiti va osoyishta mehnat sharoitlari aynan Vatan himoyachilarining fidokorona xizmatlari samarasi ekani ta’kidlandi.
Tadbir doirasida erkaklar uchun maxsus tayyorlangan badiiy chiqishlar, vatanparvarlik ruhidagi sahna ko‘rinishlari, she’r, raqs va qo‘shiqlar namoyish etildi. Ushbu chiqishlar tadbir ishtirokchilariga yuqori kayfiyat bag‘ishlab, Vatanga muhabbat, sadoqat va mas’uliyat tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi.
Mazkur bayram tadbiri institut jamoasi hayotida nafaqat quvonchli va unutilmas lahzalar, balki milliy qadriyatlar, vatanparvarlik va o‘zaro hurmat g‘oyalarini keng targ‘ib etuvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir sifatida muhrlandi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati