


Bugungi kunda Andijon davlat chet tillari institutida turizm sohasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan yo‘nalishlar faoliyat yuritib, ularda yuzlab talabalar zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallamoqdalar. Mazkur yo‘nalishlar hududning turizm salohiyatini oshirish, malakali gidlar, tarjimonlar va soha mutaxassislarini tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan Andijon davlat chet tillari institutiga Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari I.B.Ismanov tashrif buyurdi. Tashrif doirasida mehmon dastlab institutda tashkil etilgan tur firma va gid xizmati markazi faoliyati bilan tanishib, ushbu tuzilmaning amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish, talabalarni real soha jarayonlariga tayyorlashdagi o‘rnini yuqori baholadi.
Shundan so‘ng viloyat hokimi o‘rinbosari institut rektori D.A.Rustamov hamrohligida soha mutaxassislari hamda talaba-yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda qatnashdi. Muloqot jarayonida Andijon viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan chora-tadbirlar, ushbu jarayonlarda oliy ta’lim muassasalari, xususan, Andijon davlat chet tillari institutining ilmiy va kadrlar salohiyati muhim omil ekani ta’kidlandi.
Uchrashuvda turizm sohasining iqtisodiy jihatdan hudud bandligi, yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmatlar eksportini kengaytirish va hudud investitsion jozibadorligini oshirishdagi o‘rni alohida qayd etildi. Shu bilan birga, talabalarni faqat nazariy bilimlar bilan cheklab qolmasdan, ularni innovatsion fikrlashga, startap loyihalar ishlab chiqishga, turizm obyektlariga yangicha nigoh bilan yondashishga undash zarurligi bildirildi.
Tadbir yakunida talaba-yoshlarni rag‘batlantirish va ularning ijodiy faolligini oshirish maqsadida “Rektor sovrini” uchun turizm obyektlari bo‘yicha videokontentlar tanlovi tashkil etilishi ma’lum qilindi. Tanlov g‘oliblari chet elga sayohat bilan taqdirlanishi rejalashtirilayotgani talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bundan tashqari ayni shu mazmundagi koʻrik-tanlov «Viloyat hokimi sovrini uchun» butun viloyat miqyosida ham tashkil etilishi taklifi oʻrtaga tashlandi.
Shuningdek, turizm sohasiga ilmiy yondashuvni kuchaytirish, innovatsion g‘oyalar, startap tashabbuslar, ilmiy-tadqiqot ishlari va bitiruv malakaviy ishlarini hudud turizm salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan mazmun bilan boyitish lozimligi ta’kidlandi. Bu tashabbuslarning barchasi viloyat turizmini barqaror rivojlantirish, uni xalqaro miqyosda tanitish va iqtisodiy samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur uchrashuv Andijon davlat chet tillari institutining hududiy rivojlanish jarayonlarida faol ishtirok etayotganini, talaba-yoshlarning esa mamlakatimiz turizm siyosatida muhim inson kapitali sifatida qaralayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati
Text box item sample content