

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–207-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon davlat chet tillari institutida navbatdagi ma’rifiy-profilaktik yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Andijon viloyati narkologiya markazi davolash ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari I.Xidirov, Andijon viloyati hokimligi katta mutaxassisi A.Oppoqov, Andijon viloyati IIB Huquqbuzarlik va profilaktika boshqarmasi boshlig‘i Z.Otaxonov ishtirok etdi.
Yig‘ilishga institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori J.Siddikov raislik qildi. Unda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi rahbar-xodimlari, fakultet tyutorlari hamda talaba-yoshlar qatnashdi.
Uchrashuv davomida mutaxassislar PF–207-sonli Farmonning mazmun-mohiyati, unda belgilangan ustuvor vazifalar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar haqida atroflicha tushuntirish berishdi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, huquqiy savodxonlikni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mutaxassislar tomonidan talabalarga giyohvandlikning shaxs, oilaviy muhit hamda jamiyatga ko‘rsatadigan zararli oqibatlari misollar orqali tushuntirib berildi. Talabalarni hushyorlikka, mas’uliyatli hayot tarzi va ogohlikka chorlovchi tavsiyalar ham berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va ularga batafsil javoblar berildi. Yig‘ilishda PF–207-sonli Farmonda belgilangan vazifalarni institutda izchil amalga oshirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari davom ettirilishi ta’kidlandi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati