“Millatlar hamdo‘stligi va madaniyatlar uyg‘unligi” — ulkan xalqaro festival tantanali tarzda o‘tkazildi!

Andijon davlat chet tillari institutida turli millatlar do‘stligi, madaniyatlar uyg‘unligi va bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etishga qaratilgan yirik xalqaro madaniy festival yuqori saviyada tashkil etildi.

 Dastlab mehmonlar institut kirish qismida tantanali tarzda kutib olindi. Noodatiy atmosfera, milliy kuy-qo‘shiqlar va ramziy ko‘tarinkilik tadbirning mazmunini yanada boyitdi.

 Shundan so‘ng barcha mehmonlar va ishtirokchilar Faollar zaliga taklif etildi va u yerda festivalning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 Tadbirni Institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori M.Kurbanov ochib berdi va marosim ishtirokchilariga Institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamovning tabrik so‘zlarini o‘qib eshittirdi.

 Shuningdek, ushbu nufuzli tadbirda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan faxriy mehmonlar so‘zga chiqib, madaniyatlararo muloqot, tinchlik va do‘stlikning bugungi dunyodagi ahamiyati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

 Festivalning asosiy qismi institut hovlisida davom ettirildi. Ishtirokchilar ochiq maydonda tashkil qilingan keng ko‘lamli madaniy sayilga taklif qilindi. Unda:

 Teatr sahna ko‘rinishlari;
 Turli millat filmlari namoyishi;
 Badiiy va musiqiy chiqishlar;
 Milliy taomlar yarmarkasi va degustatsiya;
 Madaniy ko‘rgazmalar;
 Hamma uchun ochiq fotosessiya hududi;
 Til va madaniyat diplomatiyasi bo‘yicha taqdimotlar katta qiziqish bilan amalga oshirildi.

 Bag‘rikenglik, hamdo‘stlik va tinchlik – festivalning bosh g‘oyasi edi. Tadbir davomida turli millatlar vakillari bir sahnada o‘z madaniy merosi, an’analari va san’atini namoyish qilib, madaniy ko‘priklar va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qildi.

 Andijon davlat chet tillari institutining xalqaro hamkorlikdagi navbatdagi yorqin tashabbusi muvaffaqiyatli amalga oshirildi!

Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content