ANDIJON DAVLAT CHET TILLARI INSTITUTI TALABALARI TOMONIDAN BOG‘ISHAMOL DAHASIDA PLOGGING AKSIYASI O‘TKAZILDI

Bugun — 17.11.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari instituti Roman-german va slavyan tillari fakulteti hamda Ingliz filologiyasi, o‘qitish metodikasi va tarjimashunoslik fakultetlari talabalari tomonidan ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan amaliy tashabbus — plogging aksiyasi tashkil etildi.

 Mazkur tadbir institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori J.Siddikov, fakultet rahbariyati hamda mas’ul xodimlar boshchiligida viloyatimizning Bog‘ishamol dahasida o‘tkazildi.

 Aksiyada ishtirok etgan talaba-yoshlar yugurish va jismoniy mashg‘ulotni foydali amaliyot — atrof-muhitni tozalash bilan uyg‘unlashtirib, hududni turli chiqindilardan ozod etdilar. Tadbir davomida yoshlarda ekologik mas’uliyat, tabiatga mehr va jamoaviylik ruhini yanada mustahkamlash maqsad qilingan.

 Shu bilan birga, plogging jarayonida aholiga ham ekologik madaniyat va tozalikni saqlash bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borildi.

Tadbir yakunida birinchi prorektor J.Siddikov ekologik tashabbuslarda faol bo‘lish, tabiatni asrashni yoshlarning burchi sifatida qadrlash zarurligini alohida ta’kidladi.

 Bunday amaliy tashabbuslar kelgusida ham muntazam davom ettiriladi.

 Atrof-muhitga befarq bo‘lmagan va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilayotgan barcha yoshlarga minnatdorchilik bildiramiz.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content