

Xorijiy tillar fan olimpiadasi g‘oliblari tantanali kutib olindi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 11–12-noyabr kunlari o‘tkazilgan Xorijiy tillar fan olimpiadasida yuksak natijalarga erishgan Andijon davlat chet tillari instituti delegatsiyasi bugun Andijonga faxr va g‘urur bilan qaytdi.
Dastlab g‘olib talabalar va ularning ustozlarini Andijon temiryo‘l vokzalida mas’ullar samimiy kutib oldilar. Shundan so‘ng ular maxsus avtomobillarda institut tomon yo‘l oldilar. Institut hovlisida esa rahbariyat vakillari, professor-o‘qituvchilar va minglab talaba-yoshlar ishtirokida tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor J.Siddiqov ochib berdi. U o‘z so‘zida institut rektori Dilshodbek Abduvahidovich Rustamovning olimpiada g‘oliblari hamda ularning ustozlariga yo‘llagan samimiy minnatdorlik va tabrik so‘zlarini o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng delegatsiya rahbari — Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor M.Kurbanov so‘z olib, institut jamoasining bu yutuqni xalqaro maydonlarda ham davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.
G‘olib va sovrindor talabalar institut rahbariyati tomonidan Tashakkurnoma va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar. Mazkur faxrli natija institut jamoasining mehnatsevarligi, fidoyiligi va ilmga bo‘lgan sadoqatining yaqqol isboti bo‘ldi.
Ushbu yutuq Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yoshlar — kelajagimiz bunyodkori” tamoyilining amaliy ifodasi hamda chet tillarini o‘qitishni yangi bosqichga olib chiqish borasidagi davlat siyosatining samarasi sifatida e’tirof etildi.
Andijon davlat chet tillari instituti jamoasi bundan buyon ham yurtimiz nomini munosib himoya qilish, ilm, ma’rifat va yoshlar salohiyatini yuksaltirish yo‘lida izchil harakatda bo‘lishni maqsad qilgan.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmat