

Bugungi globallashuv sharoitida xorijiy tillarni chuqur o‘qitish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ta’lim tizimida ochiqlik siyosatini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Andijon davlat chet tillari instituti rektori Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov boshchiligida institutda faoliyat olib borayotgan xitoy va koreys tili markazlari o‘qituvchilari hamda mas’ullar ishtirokida strategik yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda rektor Dilshodbek Abduvahidovich O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Ochiq, faol va samarali xalqaro hamkorlik” siyosatiga muvofiq, xorijiy tillar markazlarining roli tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladi. U o‘z nutqida:
“Bugun Andijon davlat chet tillari instituti nafaqat ta’lim maskani, balki O‘zbekistonning xalqaro nufuzi va do‘stlik aloqalarini mustahkamlovchi muhim ilmiy-ma’naviy maydonga aylanmoqda. Xitoy va Koreya bilan hamkorlik – bizning strategik manfaatlarimizga xizmat qiluvchi muhim yo‘nalishdir”,
— deya qayd etdi rektor.
Yig‘ilishda koreys va xitoy tili markazlarining hozirgi faoliyati tahlil qilinib, ularning natijalari yuqori baholandi. Shuningdek, markazlar orqali nafaqat talabalar, balki uyushmagan, ishsiz yoshlar uchun xalqaro ta’lim almashinuvi, tartibli migratsiya, mehnat bozori va til diplomatiyasi yo‘nalishlarida yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tashabbuslar yaqin kunlarda Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Xitoy rektorlari forumi doirasida belgilab olingan maqsad va yo‘nalishlarning mintaqaviy amaliy ifodasi sifatida e’tirof etildi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati