ANDIJON DAVLAT CHET TILLARI INSTITUTIDA REKTOR TALABALAR BILAN UCHRASHDI

 

 Kuni kecha – 25-oktabr kuni Andijon davlat chet tillari institutida o‘z sohasiga mehr bilan yondashadigan, jurnalistika, boshlovchilik va instablogerlikka qiziqqan 200 nafardan ortiq ijodkor talaba ishtirokida yirik loyihaga start berildi. Tadbir ikki qismdan iborat bo‘lib, unda “Rektor va talabalar uchrashuvi” hamda ijodkor talabalar bilan tanlov-suhbat bo‘lib o‘tdi.

 Uchrashuvni institut rektori, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov ochib berdi. U o‘z nutqida talabalarga murojaat qilib, bugungi yoshlar — nafaqat bilim, balki axborot, tahlil va ijtimoiy faollik maydonida yetakchi bo‘lishi zarurligini ta’kidladi:

“Bugun so‘z qudrati, fikr erkinligi va axborot madaniyati — milliy tafakkurimizning eng muhim ko‘rsatkichidir. Institutimiz talabalari esa bu yo‘nalishda namunali faoliyat olib borishlari lozim. Chunki har bir so‘z, har bir kadr — bu yurtimiz obro‘sidir”,

— dedi rektor o‘z chiqishida.

 Shundan so‘ng, “Oltin qalam” milliy mukofoti sohibi, taniqli jurnalist Elmurod Ermatov so‘z olib, yoshlar bilan muloqotda jurnalistika va ommaviy axborot sohasida professional yondashuv, mas’uliyat hamda shaxsiy brendni to‘g‘ri shakllantirish masalalariga alohida to‘xtaldi.

 Tadbirning ikkinchi qismida esa e’lon asosida boshlovchilik, instablogerlik va jurnalistikaga qiziqqan talabalarning suhbat bosqichi tashkil qilindi. Unda ishtirokchilar o‘z iste’dodini namoyon etish, sahnada erkin so‘zlashish va o‘z fikrini mantiqan ifodalash qobiliyatini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 Mazkur tashabbus orqali institutda ijtimoiy-madaniy hayot yanada jonlanib, yoshlarning axborot savodxonligini oshirish, media madaniyatni rivojlantirish va davlat siyosatini talaba yoshlar orasida targ‘ib qilish yo‘lida muhim qadam tashlandi.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content