

Bugun Andijon davlat chet tillari instituti Roman-german va slavyan tillari fakulteti Umumiy va qiyosiy tilshunoslik kafedrasi tashabbusi bilan 21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan xalqaro miqyosda nishonlandi.
Tadbir doirasida kafedra tashabbusi bilan chet eldan bir guruh taniqli olimlar — Ahloq Ahmad Axan (Hindiston, Javoharla’l Neru Universiteti qoshidagi Fors tili va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari, filologiya fanlari doktori, professor, boburshunos), Abdushukur Muhammad (Shvetsiya Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Butunjahon uyg‘ur shoirlari uyushmasi raisi), Mustafo Qo‘rqmas (Turkiya Respublikasi Neyde Universiteti professori, filologiya fanlari doktori), Xulkar Hamroeva (O‘zbekiston Xoreografiya akademiyasi professori, filologiya fanlari doktori) hamda Asror Allayorov («Oqsaroy» adabiy agentligi rahbari, xalqaro jurnalist, tarjimon) institutga tashrif buyurishdi.
Mehmonlar o‘z ma’ruzalarida o‘zbek tilining boy tarixi, jozibadorligi va jahon tilshunosligidagi o‘rni haqida so‘z yuritib, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodidan namunalar keltirdilar. Shuningdek, talabalar tomonidan tayyorlangan “O‘zbek tili – qalbim iftixori” nomli badiiy-ma’rifiy tadbir mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir yakunida institut hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida Hindistonning Javoharla’l Neru Universiteti bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Bu uchrashuv nafaqat o‘zbek tiliga ehtirom ifodasi, balki xalqaro ilmiy hamkorlikning yangi bosqichi bo‘ldi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati