

Andijon davlat chet tillari institutida iqtidorli va faol yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning badiiy tafakkurini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan “Mushoira” klubining navbatdagi ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Axborot resurs markazida boʻlib oʻtgan tadbirda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i O.Vositov boshchiligidagi mas’ullar, shuningdek viloyatimizda faoliyat yuritayotgan taniqli ijodkorlar — Baxtiyor Fidoiy va Ma’mura Bozorovalar ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida she’riyat, ijod, so‘z san’ati va yoshlarning badiiy dunyoqarashini shakllantirish borasida samimiy suhbatlar tashkil etildi. Klub a’zolari bo‘lgan talaba-yoshlar o‘z ijod namunalari — she’r va g‘azallarini o‘qib, ijodkorlar tomonidan berilgan tavsiya va mulohazalarni tingladilar.
Shuningdek, uchrashuv yosh ijodkorlarni yangi g‘oyalar sari ruhlantirish, ularning she’riyatga bo‘lgan muhabbatini yanada oshirishga xizmat qildi.
“Mushoira” klubi institutda iqtidorli yoshlarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va ularning ijodiy salohiyatini namoyon etish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati