REKTOR SANKT-PETERBURGDA NUTQ SOʻZLADI

 Joriy yilning 26-sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetida mazkur oliy taʼlim muassasasining 95-yilligi munosabati bilan katta bayram va ilmiy-amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Rossiya Federatsiyasi davlat idoralari vakillari, Oliy taʼlim vazirligi, bir qator xorijiy oliy taʼlim muassasalari rektorlari, shuningdek Andijon davlat chet tillari instituti rektori Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.

 Tadbir doirasidagi davra suhbati va plenarlarda ishtirokchilar taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Rektor D.A.Rustamov nutqida tashabbuskorlik bilan universitet jamoasini tabrikladi va quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi:

 sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalarini taʼlim va ilmiy tadqiqotlarga tatbiq etish orqali taʼlim jarayonini modernizatsiya qilish zarurligi;

 chet tillarni, xususan rus tilini chuqur o‘rganish va til korpuslari yaratish orqali tilshunoslik va tarjima ilmidagi imkoniyatlarni kengaytirish;

 AI va til resurslarini birlashtirib, qo‘shma ilmiy loyiha va grantlarga kirishish hamda amaliy qo‘llanmalar ishlab chiqish;

 professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, birgalikda malaka oshirish va ilmiy hamkorlik orqali akademik mobilitetni kuchaytirish.

 Tadbir ishtirokchilari qatorida Sankt-Peterburg metallurgiya instituti vakillari ham sunʼiy intellekt yo‘nalishidagi hamkorlikka qiziqish bildirdi; tomonlar kelgusida birgalikda loyihalar ishlab chiqish, treninglar va ilmiy seminarlar tashkil etish bo‘yicha dastlabki muzokaralarni olib bordilar.

 Ushbu tashrif va muzokaralar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, taʼlim hamda ilm-fan sohasida innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. Kelgusi haftalarda tomonlar texnik-tashkiliy masalalarni muhokama qilib, hamkorlik memorandumi va aniq ishchi rejalarni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

 Andijon davlat chet tillari instituti delegatsiyasi mezbonlarga samimiy kutib olgani uchun minnatdorlik bildiradi va mazkur hamkorlik dasturlari talaba-yoshlarimiz hamda professor-o‘qituvchilarimiz uchun keng imkoniyatlar eshigini ochishiga umid bildiradi.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content